2026-yil 30-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti hamda Research Focus xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda mahalliy va xorijiy yosh olimlar, tadqiqotchilar hamda ilmiy izlanuvchilar ishtirok etib, fundamental va amaliy mikrobiologiyaning dolzarb yo‘nalishlari, zamonaviy tadqiqot natijalari va istiqbolli ilmiy ishlanmalarga bag‘ishlangan tezis hamda maqolalarini taqdim etdilar. Tadbir gibrid formatda, ya’ni an’anaviy va onlayn shakllarda tashkil etilib, turli hududlardagi ilmiy hamjamiyat vakillarining o‘zaro fikr almashishi uchun imkoniyat yaratdi.
Bugungi kunda mikrobiologiya fani ekologik muammolarni hal etish, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, biologik faol moddalar va biotexnologik mahsulotlar yaratish, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda antibiotiklarga chidamlilik muammosini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois fundamental bilimlarni amaliy yechimlar bilan uyg‘unlashtirish, yangi ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
![]()
![]()
Bunday ilmiy-amaliy anjumanlar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini namoyon etish, tadqiqot natijalarini keng ilmiy jamoatchilikka yetkazish, tajriba almashish hamda mahalliy va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi. Shuningdek, ular yosh tadqiqotchilarning yangi ilmiy g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli izlanishlarga yo‘l ochish va mikrobiologiya fanining kelgusidagi rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
Tadbirni tashkil etishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti jamoasiga, Research Focus xalqaro ilmiy jurnali vakillariga, homiylarga, ma’ruzachilarga hamda barcha ishtirokchilarga ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va mazkur anjumanning yuqori saviyada o‘tkazilishiga qo‘shgan hissalari uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
Kelgusida ham bunday ilmiy muloqotlar fundamental va amaliy mikrobiologiyaning yangi yutuqlarini ommalashtirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.